Yangi O`zbekistonning taraqqiyot strategiyasi loyihasi ishlab chiqildi

Adliya vazirligi tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda “Yangi O`zbekistonning 2022-2026 yillarga mo`ljallangan taraqqiyot strategiyasi to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni loyihasi ishlab chiqildi.

Ushbu loyiha bilan Yangi O`zbekistonning 2022-2026 yillarga mo`ljallangan taraqqiyot strategiyasi va uni amalga oshirish bo`yicha milliy komissiya tarkibi hamda “Yo`l xaritasi” tasdiqlanmoqda.

Farmon loyihasida muhim ahamiyatga ega bo`lgan quyidagi tadbirlarni kelgusi yillarda amalga oshirish rejalashtirilmoqda.  

Pensiyani hisoblash bazaviy miqdorini o`n barobardan o`n ikki barobarigacha oshirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga fuqarolik va ma’muriy ishlar bo`yicha davlat hisobidan bepul yuridik yordam ko`rsatish tartibini joriy etish, pensiya hisoblashda bolani parvarishlash ta’tilida bo`lish vaqtini ish stajiga qo`shib hisoblanadigan 3 yillik davrni 6 yilga oshirish, nogironligi bo`lgan bolalarga 18 yoshgacha qaralgan davrni pensiya tayinlashda ish stajiga qo`shib hisoblash nazarda tutilmoqda.

Qoraqalpog`iston Respublikasi va Xorazm viloyatida birinchi-to`rtinchi sinf o`quvchilarini Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan bepul ovqat (nonushta yoki tushlik) bilan ta’minlash, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy sektor uchun keng yo`l ochish maqsadida eksklyuziv huquqlarni bekor qilish va davlat ishtirokidagi kompaniyalarni xususiylashtirish hisobiga 25 dan ortiq faoliyat turi bo`yicha monopoliyalarni tugatish, nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarga farzandlarini yuborayotgan ota-onalarning 3 million so`mgacha bo`lgan to`lovlarini daromad solig`idan ozod etish va boshqalar rejalashtirilgan.

Shuningdek, Taraqqiyot strategiyasida yettita ustuvor yo`nalishlar ilgari surilmoqda:  

– inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish,  

– mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish,  

– milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, uning o`sish sur’atlarini zamon talablari darajasida ta’minlash,  

– adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish,  

– ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash, ushbu sohani tubdan isloh etish va yangi bosqichga olib chiqish,  

– umumbashariy muammolarga milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda yechim topish,  

– mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq va pragmatik, faol tashqi siyosat olib borish.

Farmonning qabul qilinishi natijasida kelgusi yillarda yettita ustuvor yo`nalishlar bo`yicha vazifalar belgilab olinadi va xalqimiz farovonligi, yurtimiz ravnaqi yo`lida amalga oshiriladigan islohotlar keng ko`lamda davom ettiriladi.

Farmon loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi  portaliga jamoatchilik muhokamasi o`tkazilishi uchun joylashtirildi. Ushbu loyiha yuzasidan fikr-mulohaza va takliflar bildirishingiz mumkin.

N.Abduraimova,  O`zA