Shimoliy-G’arbiy Arkanzasda yangi keladigan ishchilarga bitcoin va yana boshqa imtiyozlar beriladi

Shimoliy-G`arbiy Arkanzas mintaqaga masofadan turib ishlovchi texnologiya xodimlari va tadbirkorlarni bitkoin ko`rinishida 10000 dollar va velosiped taklif qilish orqali jalb qilmoqchi.

“Shimoliy-g`arbiy Arkanzas mamlakatdagi eng tez rivojlanayotgan mintaqalardan biri bo`lib, biz texnologiya sohasida yanada kuchli o`sish imkoniyatini ko`rmoqdamiz”, – dedi Shimoliy-G`arbiy Arkanzas Kengashi prezidenti va bosh direktori Nelson Pikok.

“Ushbu rag`batlantiruvchi taklif (bitkoin va velosiped) nafaqat ish beruvchilarning kriptovalyutalardan to`lov usuli sifatida foydalanish tendensiyasini aks ettiradi, balki texnologik ish beruvchilar, startaplar, shaharlar, mahalliy korxonalar va kengroq mintaqaga foyda keltirish uchun bizga iste`dodlar oqimini kuchaytirishga yordam beradi”.

Shimoliy-G`arbiy Arkanzasda 10 000 dan ortiq ish o`rinlari mavjud va STEAM (fan, texnologiya, muhandislik, san`at va matematika) sohasidagi ish o`rinlarini to`ldirish uchun iste`dodli xodimlar yetishmayapti.

Allachon band bo`lgan masofaviy ishchilar yoki yakka tartibdagi tadbirkorlar ham 10 000 dollarni naqd pul yoki bitkoin tarzida olish uchun ariza berishlari mumkin. Pulni oluvchilarga ochiq havoda sayr qilib, dam olish uchun oddiy yoki tog` velosipedi ham beriladi.

Bo`lajak ishchilar, rag`batlantiruvchi taklifni qabul qilganlaridan keyin olti oy ichida Shimoliy-G`arbiy Arkanzasga ko`chib o`tishlari, mahalliy ijara shartnomasi tuzib, imzolashlari yoki uy sotib olishlari, kamida 24 yoshda bo`lishlari va to`liq kun davomidagi masofaviy ish bilan ta`minlanishlari kerak bo`ladi.