“Omikron” ortga chekinmayapti. Qator mamlakatlarda vaziyat ancha xavotirli

Sog`liqni saqlash vazirligining xabar berishicha, “Omikron” shtammi tufayli epidemiologik vaziyat izdan chiqayotgan mamlakatlar soni kun sayin ko‘paymoqda. Shuningdek, kasallanish avj olayotgan jug‘rofiy nuqtalar ham o‘zgaryapti.

Masalan, so‘nggi sutka davomida Ruminiyada SOVID-19ni yuqtirish ko‘rsatkichlari birdaniga 9 mingtaga oshib ketdi. Bu mamlakatda pandemiya davrida qayd etilgan rekord ko‘rsatkichdir.

Yana bir xavotirli jihati, bu yerda 10 yanvar soat 10:00 dan 11 yanvar soat 10.00 gacha 43 kishi koronavirusdan vafot etgan, yuzlab bemorlar og‘ir ahvolda reanimatsiya bo‘limlariga yotqizilgan.

Peruda ham vaziyat yomonlashmoqda. Hududda kunlik kasallanish holatlari kecha 36 mingtadan oshgan. Bu ham mamlakatda o‘rnatilgan rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. Tahlilchilar fikricha, o‘sish surʼatlari dekabr oyi so‘nggi haftasida boshlangan va Yangi yil bayramidan keyin kuchaygan. Kecha jami kasallanganlardan 90 nafari hayotdan ko‘z yumgani mamlakat uchun katta yo‘qotish bo‘ldi.

Fransiyada esa 10 yanvarda koronavirus to‘lqini sezilarli darajada ortga qaytgani kuzatilgandi. 11 yanvarga kelib esa kunlik yangi holatlar favqulodda 87 mingtadan qariyb 360 mingtaga ko‘tarilib ketdi. Bu mamlakatda pandemiya boshlanganidan buyon ro‘yxatga olingan eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Turkiyada ham kechagi rekord yangilanib, kunlik ko‘rsatkichlar bir kun avvalgi 65 mingtadan 74 mintaga yetdi. Italiyada 11 yanvarning o‘zida SOVID-19ni yuqtirganlar soni 220 mingdan oshgani xavotirli vaziyat, deb baholanyapti. Ispaniyada esa 134 ming nafar bemorda koronavirus aniqlangan.

Germaniyada yangi yilning birinchi kunida pandemiya to‘lqini ortga qaytib 3 ming kishida ushbu infeksiya aniqlangan bo‘lsa, kecha 120 mingdan ziyod holat qayd etilib, yana ko‘tarilish kuzatila boshladi.

Hindistonga ham “Omikron” kirib borgach, epidemiologik vaziyat tobora murakkablashmoqda. Bu yerda kuni kecha 168 ming nafar bemor ro‘yxatga olingan. Qozog‘istonda esa 11 yanvarda koronavirusga test topshirgan 4889 kishida “musbat” natija qayd etildi.

Yangi shtamm Moldovaga ham kirib bordi. Bu yerda bir yo‘la 16 kishida “Omikron” aniqlandi. Ular orasida ikki oylik chaqaloq ham bor.

Rossiyada esa bu mutatsiya turini yuqtirganlar soni rasman 305 nafarga yetdi. Mutaxassislar mamlakatda kunlik kasallanish ko‘rsatkichlari 100 mingdan oshib ketishidan jiddiy xavotirda.

JSSTning Yevropa departamenti rahbari Xans Klyugening aytishicha, kelgusi 6-8 hafta ichida Yevropa aholisining yarmidan ko‘pi “Omikron” bilan kasallanishi mumkin.

O’zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati