Yosh dzyudochilarimiz ham qit’a chempionatini birinchi o`rinda yakunlashdi

Livan poytaxti Bayrut shahri mezbonligida o`tgan dzyudo bo`yicha o`smirlar va yoshlar o`rtasidagi Osiyo-Okeaniya chempionati hamyurtlarimiz uchun kutilganidan ham omadli keldi.

O`smirlarimiz 9 ta oltin, 5 ta kumush, 5 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida birinchi o`rinni egallashgandi. Yoshlarimiz ham ikki kunlik murosasiz bellashuvlar yakuniga ko`ra qit’ada birinchi bo`lishdi. Yoshlar terma jamoamiz 7 ta oltin, 2 ta kumush, 6 ta bronza, jami 15 ta medal bilan 15 davlat orasida umumjamoa hisobida faxrli birinchi o`rinni band etishdi. To`rt kun davomida Bayrutda 16 marotaba O`zbekiston madhiyasi yangradi. Mamlakatimiz dzyudosi tarixida hali bunday natija kuzatilmagandi.

Qozog`iston terma jamoasi 3 ta oltin, 1 ta kumush, 5 ta bronza medali bilan ikkinchi o`rinni qo`lga kiritgan bo`lsa, kuchli uchlikka 2 ta oltin, 5 ta kumush, 4 ta bronza medali bilan Janubiy Koreya terma jamoasi yakun yasadi.

O`zbekiston Milliy Olimpiya qo`mitasi ushbu muvaffaqiyat bilan O`zbekiston dzyudo federatsiyasi, yosh sportchilarimiz va ularning ota-onalarini tabriklab qoladi.