O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat tashrifi bilan Qozog‘iston Respublikasida bo‘ladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan 5-6-dekabr kunlari davlat tashrifi bilan Qozog‘istonda bo‘ladi.

Tashrif dasturiga muvofiq, Nur-Sulton shahrida oliy darajadagi uchrashuv va muzokaralar bo‘lib o‘tadi, ularda birodar xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash yo‘llari ko‘rib chiqiladi.

Siyosiy muloqot va savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, eng avvalo, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida amaliy aloqalar va aniq kooperatsiya loyihalarini ilgari surish, shuningdek, madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini faollashtirishning dolzarb masalalari ham kun tartibiga kiritilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilari xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashadilar va mintaqaviy integratsiyaning asosiy yo‘nalishlarini muhokama qiladilar.

Sammit yakunida salmoqli ikki tomonlama hujjatlar to‘plamini imzolash rejalashtirilgan.

Tashrif arafasida Nur-Sultonda ikki mamlakat yetakchi kompaniya va tadbirkorlari ishtirokida biznes-forum ham o‘tkaziladi.