BAAning yuqori martabali xavfsizlik xodimi dushanba kuni Eronga tashrif buyuradi

“Birlashgan Arab Amirliklarining milliy xavfsizlik bo`yicha bosh maslahatchisi Shayh Tahnun bin Zayid Al Nahyan dushanba kuni Eronga tashrif buyurib, Islom Respublikasi bilan ikki tomonlama aloqalarni kengaytirish masalalarini muhokama qiladi”, – deya xabar bermoqda Eron davlat matbuoti.

BAA Tashqi ishlar vazirligi mamlakatning amaldagi hukmdori, valiahd shahzoda Muhammad bin Zayidning ukasi Shayh Tahnunning tashrifiga hozircha izoh bermadi.

2019-yilda BAA Eron bilan Fors ko`rfazi suvlaridagi tankerlarga va Saudiya Arabistonining energetika infratuzilmasiga qilingan hujumlardan so`ng yuzma-yuz kela boshladi. Saudiya Arabistoni maʼmuriyati Eron bilan to`g`ridan-to`g`ri muzokaralarni aprel oyida boshlagan.

Birlashgan Arab Amirliklari prezidentining diplomatik maslahatchisi Anvar Gargash o`tgan oyda uning mamlakati “diplomatiya va ziddiyatga bormaslik siyosiy tanlovi orqali Eron bilan keskinlikni pasaytirish choralarini ko`rayotganini” aytdi.