O`zbekistonda Silk Avia yangi aviakompaniyasi tashkil etilmoqda

O`zbekiston Transport vazirligi tashabbusi bilan “Uzbekistan Airports” AJ “Silk Avia” mintaqaviy sho`ba aviakompaniyasini tashkil etmoqda. Yangi aviatashuvchi kelasi yildan parvozlarni boshlashni rejalashtirmoqda.

Silk Avia aviakompaniyasi joriy yilning sentabr oyida ro`yxatga olingan. 14-18-noyabr kunlari Dubay shahrida bo`lib o`tgan Dubai Airshow-2021 ko`rgazmasi doirasida Uzbekistan Airports va HAS Aviation GT MChJ o`rtasida aviatashuvlar strategiyasini ishlab chiqish va mintaqaviy aviakompaniya yaratish bo`yicha shartnoma imzolangan.

“Biz bozorda o`zbekistonliklar uchun hamyonbop narxlarda ichki havo qatnovini taʼminlaydigan aviakompaniya yaratishni maqsad qilganmiz… Bizning vazifamiz ichki tashishlarni nafaqat “bir nuqtadan markazga” tamoyili bo`yicha tashkil etish, balki “nuqtadan nuqtaga” modeliga ko’ra (viloyatlar o’rtasida) qatnovlarni yo`lga qo`yishdir. Rejalarda 40 tagacha marshrut ishlab chiqish va yo`lovchilar sig`imi 70 kishigacha bo`lgan hududiy samolyotlarni xarid qilish ko`zda tutilgan. Tariflar temir yo`l tariflariga mos bo`ladi…”, – dedi “O`zbekiston aeroportlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi Ra’no Jo`rayeva.