Hirotda zafaron dalalari qisqarib bormoqda

Afg`onistonning qimmatbaho zafaron ziravori yetishtiruvchi viloyati bo`lmish Hirotda bu o`simlik ekilgan dalalar qisqarib bormoqda.

Mahalliy Qishloq xo`jalik departamenti rahbari Pir Muhammad Halimiyning aytishicha, buning asosiy sababi quruq va jazirama ob-havo hamda suv taqchilligidir.

Hirotdagi ba’zi fermerlarning aytishicha, ular o`tgan yili 20 tonna zafaron yetishtirgan edilar, ammo bu yili hosil bor-yo`g`i 10 tonnani tashkil qildi.

“O`tgan yil bilan qiyoslaganda hosilning teng yarmini yo`qotdik,” deydi Abdul Ahmad ismli fermer.

Zafaron ishchilarining milliy uyushmasi (NSWU) bergan ma’lumotga ko`ra, joriy yilda mahsulot narxi 3 baravariga ko`tarilgan. Ammo Afg`onistonda yetishtirilgan ziravorning narxi hozircha o`zgarmadi. Shunga qaramay, 15-avgustda sodir bo`lgan hukumat almashuvidan keyin mahsulotni tashqi bozorga eksport qilish yo`llari yopilgandir.

“Mamlakatimizda ro`y bergan siyosiy o`zgarishlardan keyin mahsulotimizni tashqariga sotishni iloji bo`lmayapti, bu biz uchun katta muammoga aylandi,” deydi uyushma rahbari Abdulshukur Ahroniy.

Ayni paytda zafaron yetishtirish va to`plash yuzlab ayollar va qizlar uchun qo`shimcha daromad manbaiga aylangan. Bu insonlar shu yo`l bilan oilalariga dastak bo`lishmoqda.

“Bu ish biz uchun juda yaxshi iqtisodiy imkoniyatdir. Ertalab maktabga ketamiz, tushdan keyin esa zafaron gullarini tozalaymiz ,” deydi ishchilardan biri Soliha Ahmadiy.

Hirot viloyatida zafaron fabrikalari ishchilarining asosiy qismini ayol-qizlar tashkil etadi.

“Erkaklarning ko`pchiligi ishsiz, biz uchun esa zafaron ishi juda yaxshi iqtisodiy imkoniyatdir. Shu yo`l bilan pul topib, oilalarimizni boqamiz,” deydi  Shabona Nazif.

Statistic ma’lumotlarga ko`ra, Afg`onistonda yetishtirilayotgan zafaronning  90% dan ko`pi Hirot viloyatiga tog`ri keladi. Mazkur ziravor uch bora dunyodagi eng yaxshi zafaron sifatida tanlab olingan edi.

2015-yili Bryusseldagi The International Taste & Quality (Xalqaro Ta’m va Sifat) instituti afg`on zafaronini 300 ga yaqin o`rnak ziravorlar ichidan tanlab olib, eng yaxshi mahsulot sifatida e’lon qilgan edi.