Buick Smart Pod elektromobili taqdim etildi

O`tgan hafta Guanchjouda avtomobillar ko`rgazmasi bo`lib o`tdi. Unda Buick yangi mahsulotini taqdim qildi. Yangi elektromobil Buick Smart Pod deb nomlanadi, biroq uning ishlab chiqarilish sanasi hozircha noma’lum.

Buick Smart Pod aqlli boshqaruv kabinasi va Utium Auto platformasi tomonidan boshqariladigan avtonom boshqarish texnologiyasiga ega bo`ladi. Mashinada kuzov va interyerning futuristik dizayni qo`llanilgan. U qandaydir ilmiy-fantastik film uchun yaratilgandek ko`rinadi.

Avtomobil katta, yon tarafga ochiladigan elektr eshiklar, katta o`lchamli g`ildiraklar va aerodinamik tizim bilan jihozlangan. Haydovchi mashinaga yaqinlashganda, LED chiroqlar va orqa chiroqlar u bilan “salomlashadi”.

Salon ichida 50 dyuymli retina displey mavjud. Bundan tashqari, Buick Smart Pod odamlar bilan o`zaro munosabatlar va uzluksiz muloqotni ta’minlash uchun ilg`or sensorli boshqaruv va murakkab sun’iy intellekt texnologiyalarini o`z ichiga oladi.

Buick Smart Pod bir martali quvvat bilan 800 km masofani bosib o`ta oladi. Tez quvvatlash rejimida mashina 30 daqiqada 300 km masofani bosib o`tishga yetadigan quvvat oladi. Elektromobil simsiz quvvatlash rejimida ham ishlaydi.